Dori vositalariga chidamli bakteriyalar ro‘yxatini yangilandi — JSST

JSST 2024-yil uchun yangilangan bakterial patogenlarning ustuvor ro‘yxatini e’lon qildi.
Sputnik
TOShKENT, 19-may — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) dori vositalariga chidamli bakteriyalar ro‘yxatini yangiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Tashkilot 2024-yil uchun yangilangan bakterial patogenlarning ustuvor ro‘yxatini (BPPL) e’lon qildi.
Unga antibiotiklarga chidamli bakteriyalarning 15 oilasi kiritilgan bo‘lib, ular muhim, yuqori va o‘rta ustuvor guruhlarga tasniflanadi.
Ro‘yxatda mikrobga qarshi preparatlarga chidamlik (MQCh) tarqalishini to‘xtatish uchun yangi va kerakli davolash usullarini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. MQCh bakteriyalar, viruslar, zamburug‘lar va parazitlarga dorilar ta’sir qilmay qolganda vujudga keladi va bu bemorlarda kasallikni og‘irlashtiradi va uning tarqalish va o‘lim xavfini oshiradi.
Odatda MQCh mikroblarga qarshi vositalarni noto‘g‘ri va haddan tashqari ko‘p ishlatish tufayli kelib chiqadi. Yangilangan BPPL ro‘yxati yangi antibiotiklarni tadqiq qilish va ishlab chiqishda innovatsiyalarni rag‘batlantirish uchun xalqaro muvofiqlashtirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi ma’lumotlar va ekspertlar xulosalarini o‘z ichiga oladi.
“Mikroblarga qarshi preparatlarga chidamlilik sil kasalligi kabi hayot uchun xavfli infeksiyalarni samarali davolash imkoniyatiga tahdid solmoqda. Bu esa kasallikning og‘ir kechishiga va o‘lim holatlarining ortishiga olib keladi”, — dedi JSST Bosh direktorining yordamchisi Jerom Salomon.
Ma’lumot uchun, ro‘yxat birinchi bo‘lib 2017-yilda shakllantirilgan. O‘shandan buyon mikroblarga qarshi preparatlarga chidamlilik xavfi ortib, bu ko‘plab antibiotiklar samaradorligini pasayishiga olib kelgan va zamonaviy tibbiyotdagi qator yutuqlarni yo‘qqa chiqarishi mumkin.