TOShKENT, 17-may — Sputnik. O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktori o‘rinbosari Oleg Lim “Rossiya – Islom olami: KazanForum” XV xalqaro iqtisodiy forumida O‘zbekistondagi parvozlar xavfsizligi haqida gapirdi, deb xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikada parvozlar xavfsizligi bo‘yicha hammasi joyida, aviatsiya hodisalari soni minimallashtirildi.
“Bu yiliga 11-12, 10 dan bir oz ko‘proq bo‘lyapti”, - deya aniqlik kiritdi Lim.
Qayd etilishicha, bunga, jumladan, Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasining barcha parvozga yaroqlilik meyorlari O‘zbekistonda joriy etilgani sababdir.
“Parvozlar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik” sessiyasida so‘zga chiqqan O‘zaviatsiya direktori o‘rinbosari uchuvchilar yetishmasligi sabablarini ham aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, so‘nggi 3-yil ichida O‘zbekistonda 10 dan ortiq yangi aviakompaniyalar paydo bo‘ldi.
“Bugungi kunda biz xodimlar, ayniqsa, parvoz tarkibi yetishmasligi muammosiga duch keldik, ehtiyojni qoplash uchun chet ellik uchuvchilarni jalb qilishga majburmiz”, - deb tushuntirdi Lim.
Bugungi kunda respublikada 15 ta aviakompaniya mavjud. Ulardan oltitasi yo‘lovchi tashish, uchtasi yuk tashish, oltitasi aviatsiya masalalari bilan shug‘ullanadi.
Limning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston hozirda o‘zining sayyohlik salohiyatini ro‘yobga chiqarmoqda, buning natijasida ham parvozlar soni, ham tashilayotgan yo‘lovchilar soni ortib bormoqda.
“Rossiya – islom olami: KazanForum” xalqaro iqtisodiy forumi 14-19 may kunlari "Kazan Ekspo" xalqaro ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tmoqda. "KazanForum" biznes dasturi 12 ta tematik yo‘nalishni birlashtiradi: xalqaro hamkorlik, iqtisodiyot, turizm, biznes, fan va texnologiyalar, islom moliyasi va investitsiyalari, sport, halol sanoat va boshqalar. Dastur Rossiya hududlari, Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari va boshqa mamlakatlar ekspertlari ishtirokida 125 ta mavzuli sessiyani o‘z ichiga oladi.