O‘zbekistonda qanday sun’iy intellekt dasturlari yaratilmoqda?

“Muxlisa” nomli o‘zbek tilidagi ovozli yordamchi ishlab chiqilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 14-may — Sputnik. O‘n beshta hududda IT-shaharcha tashkil etiladi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakatda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, bu sohada yoshlarni va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi.
Shavkat Mirziyoyevga raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, bu sohada yoshlarni va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi.
O‘zbekistonda 2017-yilda IT kompaniyalar soni 147 ta bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 2 mingga yaqinlashdi. Ularda 30 ming xodim yuqori daromadli ish bilan band. 70 mingdan ziyod yoshlar IT bilan mustaqil shug‘ullanmoqda.
Shu yilning o‘tgan to‘rt oyida sohadagi xizmatlar hajmi 20 foiz o‘sdi, 200 million dollarlik eksport qilindi, 5 mingta ish o‘rni yaratildi. Lekin, hududlar kesimida qaraganda, IT xizmatlari va eksportining asosiy ulushi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislarning 80 foizi shu yerda yashaydi.
Shu bois, bu sohani chekka hududlarda ham rivojlantirish maqsadida, IT-shaharchalar tashkil etish rejalashtirilgan.
“Loyihaga ko‘ra, bunday maskanlar dastlab 15 ta hududda – Chimboy, G‘ijduvon, Zomin, Sharof Rashidov, Forish, Xatirchi, Pop, Shahrisabz, Qo‘shrabot, Sariosiyo, Sirdaryo, Parkent, Toshloq va Tuproqqal’a tumanlari hamda Xonobod shahrida tashkil qilinadi. Ularda yiliga 10 mingga yaqin yoshlar IT, chet tili va boshqa zamonaviy kasblar bo‘yicha bepul o‘qitiladi”, – deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, IT ta’lim va dasturiy mahsulot yo‘nalishidagi loyihalar bo‘yicha 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan startaplar tanlovini IT-park orqali o‘tkazish taklif etilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev
Davlat rahbari bu tanlovda ham, xuddi “President Tech Award”dagi kabi, nufuzli xalqaro kompaniyalar tomonidan baholashni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.
Sun’iy intellekt dasturlarini yaratish va qo‘llash bo‘yicha ham muvaffaqiyatli ish olib borilmoqda. Jumladan, biometrik identifikatsiyalash uchun “My ID” tizimi rivojlantirildi. Bugungi kunda 28 ta bank va 5 ta davlat tashkiloti mazkur tizimga ulandi. U orqali 8 million 200 mingdan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tdi.
“Muxlisa” nomli o‘zbek tilidagi ovozli yordamchi ishlab chiqilmoqda. Ushbu ishlanmani turli zamonaviy texnika vositalariga o‘rnatish mo‘ljallangan.
Raqamli texnologiyalar sohasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sun’iy intellekt va kosmik faoliyatga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, taqdimotda Yagona kommunal xizmatlar platformasini joriy etish bo‘yicha ham axborot berildi. Bu onlayn platforma orqali iste’molchilar 8 ta kommunal tashkilot xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Unda 14 tadan ortiq idoralar ma’lumotlarini bir nuqtada jamlash hamda avtomatlashtirilgan ravishda taqsimlash imkoniyati paydo bo‘ladi.