O‘zbekiston va OTB o‘rtasida 3,5 mlrd dollarga teng memorandum imzolandi

Ajratiladigan mablag‘ 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan dasturni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan.
Sputnik
TOShKENT, 13-may — Sputnik. O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki ()OTB o‘rtasida 3,5 mlrd dollarga teng memorandum imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Tbilisida OTB Boshqaruvchilar kengashining 57-yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. “Kelajak sari ko‘prik” umumiy shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
“Tadbir doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev va OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov umumiy qiymati 3,5 milliard dollarlik 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan dasturni amalga oshirish bo‘yicha memorandumni imzoladilar”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, dasturda har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan va “O‘zbekiston – 2030” Strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq bo‘lgan loyihalar o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1995-yilda OTBga a’zo bo‘ldi. 1998-yilda OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ochildi. OTB tomonidan O‘zbekiston suveren portfeliga taqdim etgan mablag‘larning umumiy hajmi 12 milliard dollarga yetdi. O‘tgan yili OTB 4 ta suveren loyiha va 2 ta dasturga 6 ta kredit va 1 ta grant ajratdi.