Sergey Shoyguning yangi lavozimi ma’lum bo‘ldi

Putin Shoyguni Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinladi.
Sputnik
TOShKENT, 13-may — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sergey Shoyguni Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi etib tayinladi, deb xabar qildi Kreml matbuot xizmati.
Rossiya rahbari boshqa farmon bilan Nikolay Patrushevni boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan ushbu lavozimdan ozod qildi.
Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning qo‘shimcha qilishicha, armiya generali Shoygu o‘zining yangi lavozimida Harbiy-sanoat majmuasi bo‘yicha komissiyada prezident o‘rinbosari bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u aniq korxonalarda harbiy-sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish sur’atlarini juda yaxshi biladi.
Kreml matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, Shoygu bevosita davlat rahbariga bo‘ysunuvchi Harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha federal xizmat ishini ham nazorat qiladi.
“Siz allaqachon bilasiz, avvalroq xizmat Mudofaa vazirligidan prezidentga o‘tilayotgani haqida xabar berilgan edi. Uning ishiga ham Sergey Shoygu rahbarlik qiladi va nazorat qiladi”, — dedi Peskov.
Shunday qilib, Xavfsizlik Kengashi kotibi lavozimiga tayinlanishi bilan armiya generali “o‘zi ichkaridan biladigan sohada ishlashda davom etadi”, deya xulosa qildi davlat rahbari matbuot kotibi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin quyidagilarni taklif qildi:
Aleksandr Linesni prezidentning maxsus dasturlar bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlash;
Viktor Zolotovni Rossiya gvardiyasi rahbari lavozimiga qayta tayinlash;
Dmitriy Kochnevni Federal xavfsizlik xizmati direktori lavozimiga tayinlash;
Boris Kovalchukni Hisob palatasi raisi lavozimiga tayinlash;
Aleksandr Bortnikovni Federal xavfsizlik xizmati rahbari lavozimiga qayta tayinlash;
Sergey Narishkinni tashqi razvedka xizmati direktori lavozimiga qayta tayinlash;
Konstantin Chuychenkoni Adliya vazirligi rahbari lavozimiga qayta tayinlash;
Sergey Lavrovni Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri lavozimiga qayta tayinlash;
Aleksandr Kurenkovni Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari lavozimiga qayta tayinlash;
Vladimir Kolokolsevni Rossiya Ichki ishlar vazirligi rahbari lavozimiga qayta tayinlash;
Andrey Belousovni mudofaa vaziri etib tayinlash.
Senatorlar 13-may kuni qo‘mita yig‘ilishlarida va 14-may kuni Federatsiya Kengashi yig‘ilishida prezident tomonidan taklif etilgan nomzodlar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mixail Mishustinni Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri etib tayinlash haqidagi farmonni imzolagan edi.