Aripov Mishustinni lavozimiga qayta tasdiqlangani bilan tabrikladi

O‘zbekiston bosh vaziri Mixail Mishustinni Rossiya hukumati raisi etib qayta tasdiqlangani munosabati bilan samimiy tabrikladi.
Sputnik
TOShKENT, 11-may — Sputnik. Joriy yilning 10-may kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston hukumat portalida xabar berildi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston bosh vaziri Mixail Mishustinni Rossiya hukumati raisi etib qayta tasdiqlangani munosabati bilan samimiy tabrikladi.
Shuningdek, ikki davlat rahbarlari tomonidan hukumatlar oldiga O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, shu jumladan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida qo‘yilgan muhim vazifalarni yaqin hamkorlikda amalga oshirishga umid bildirildi.
Ma’lumot uchun, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mixail Mishustinni Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri etib tayinlash haqidagi farmonni imzoladi. Bungacha Putin Mishustinning nomzodini hukumat raisi lavozimiga Davlat Dumasiga taqdim etgan edi. Parlament quyi palatasi juma kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda uning nomzodini ma’qulladi va tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni Rossiya prezidentiga yubordi.