TOShKENT, 10-may — Sputnik. Jo Bayden ma’muriyati Kiyevning hududlarni qaytarish bo‘yicha real bo‘lmagan maqsadlariga rozi emasligini oshkora izhor qilishi kerak, deb yozadi Amerikaning Foreign Policy jurnali.
“Ma’muriyat Ukraina va Amerika manfaatlari bir-biriga to‘g‘ri kelmasligini va Kiyevning Ukraina hududining har bir qarichini qaytarish bo‘yicha aytgan maqsadi real emasligini oshkora e’lon qilishi kerak”, - deyiladi maqolada.
Nashrga ko‘ra, Bayden AQShning Ukrainadagi harakatlarini strategik rejalashtirishga unchalik ahamiyat bermaydi. Oq uyning butun rejasi Kiyev uchun cheksiz pul oqimini ta’minlashdan iborat. Biroq, mualliflarning fikricha, bunday strategiya ertami-kechmi barbod bo‘ladi.
“Boshqa narsa muhim emas: Rossiya va Ukraina o‘rtasida muzokaralar olib borishga intilish vaqti keldi”, - deb xulosa qildi Foreign Policy.
Avvalroq AQSh Senati ovoz berishdan so‘ng Vashingtonning ittifoqchilari, jumladan Ukraina, Isroil va Tayvan ma’muriyatiga tashqi yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilgan edi. Shunday qilib, Amerika Kongressining ikkala palatasi qonun loyihasini ma’qulladi. AQSh prezidenti Jo Bayden 24-aprel kuni xorijiy ittifoqchilarga, shu jumladan Ukrainaga yordam berish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Mart oyi oxirida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ilk bor Moskva bilan muzokaralar Ukraina 1991-yilgi chegaralarga qaytmasdan boshlanishi mumkinligini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya maxsus operatsiya boshlanganidan keyin uning tarkibiga kirgan “hududlarni yo‘qotsa, muloqotga tayyor bo‘ladi”.
Moskva muzokaralarga tayyor ekanini bir necha bor bildirgan, biroq Kiyev ularga qonunchilik darajasida taqiq joriy qilgan. G‘arb Kiyevning doimiy ravishda muloqot qilishdan bosh tortishiga e’tibor bermaydi. Avvalroq, Kreml Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘lga o‘tkazish uchun hech qanday shart-sharoit yo‘qligini ta’kidlagan edi, Rossiya uchun mutlaq ustuvorlik - bu maxsus operatsiya maqsadlariga erishishdir, hozirda bu faqat harbiy yo‘l bilan amalga oshirilishi mumkin.