O‘zbekiston xalqining G‘alabaga qo‘shgan ulkan hissasi – video

O‘zbekiston aholisi 1941-1943 yillarda mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag‘ni, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani g‘alabani yaqinlashtirishga muhim hissa bo‘lgan.
Sputnik
Bu yil Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 79-yilligi keng nishonlanmoqda. O‘zbekiston xalqi urushning birinchi kunlaridan boshlab fashizmga qarshi jangga kirgan. Yovuz dushmanni tor-mor etish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan. Qariyb 2 million o‘zbekistonlik frontga otlandi. Ularning yarmidan ko‘pi jang maydonlarida halok bo‘lgan.
Urush davrida 214 ming o‘zbekistonlik askar va ofitserlar jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan. Ularning 301 nafari Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, 70 nafari uchala darajadagi “Slava” (“Shuhrat”) ordeniga sazovor bo‘lgan.
O‘zbek xalqi o‘sha tahlikali yillarda front ortida sabot va matonat bilan mehnat qildi. Sanoat korxonalarining faoliyati front ehtiyojlari uchun yo‘naltirildi. Urush alangasi ichida qolgan hududlardan mamlakatga 170 tadan ortiq zavod va fabrika ko‘chirib keltirildi va qisqa muddatda ularning faoliyati qayta tiklandi.
Respublika front uchun juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berdi.
Batafsil ma’lumot Sputnik videosida.