TOShKENT, 8-may — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
"Prezident Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi", — deb yozmoqda matbuot xizmati.
Davlat rahbariga G‘alaba bog‘i hududida mustaqillik yillarida Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan majmua barpo etish loyihasi taqdimot qilindi.
Ma’lumot uchun, mazkur majmua davlat rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan. U o‘zbek xalqining urushdagi yo‘qotishlari, tinchlik uchun kurashi va ulkan hissasini ifodalaydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-9 may kunlari amaliy tashrif bilan Moskva shahrida bo‘ladi.