Putin G‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan Mirziyoyevga tabrik yo‘lladi

Rossiya yetakchisi Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan xorijiy davlatlar rahbarlari va fuqarolarini tabrikladi.
Sputnik
TOShKENT, 8-may — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan G‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tabrik yo‘lladi, deyiladi Kreml saytida.

“Og‘ir urush yillarida frontda mardlarcha jang qilgan, front ortida katta qurbonlar va mashaqqatlar evaziga fidokorona mehnat qilgan, uzoq kutilgan G‘alabani yaqinlashtirgan barcha insonlarga chuqur minnatdorlik va hurmat-ehtirom bildiramiz”, — deyiladi Rossiya prezidenti tabrigida.

“Umumiy tariximizni buzib ko‘rsatish yoki unutishga bo‘lgan har qanday urinishlarni to‘xtatish muhim. Va, albatta, ota-bobolarimizga qiyin harbiy sinovlarga dosh berishga va natsizmni tor-mor etishga yordam bergan do‘stlik va o‘zaro yordamning ulug‘vor an’analarini keyingi avlodlarga ehtiyotkorlik bilan saqlash va etkazish”, deya qayd etilgan tabrikda.
Vladimir Putin Ulug‘ Vatan urushi yillarida mustahkamlangan qardoshlik do‘stlik rishtalari mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun ishonchli asos bo‘lib qolishiga ishonch bildirdi.
Rossiya prezidenti xorijiy davlatlar rahbarlari va fuqarolariga murojaat qilar ekan, Ulug‘ Vatan urushi faxriylari va front mehnatkashlariga samimiy minnatdorlik so‘zlarini yetkazdi, ularga mustahkam sog‘lik, farovonlik, ko‘tarinki ruh va uzoq umr tiladi.
Vladimir Putin, shuningdek, Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabaning 79-yilligi munosabati bilan Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Abxaziya, Janubiy Osetiya rahbarlariga, shuningdek, Gruziya va Moldova xalqlariga ham tabrik yo‘lladi.