HAMAS nima sababdan sulhga rozi bo‘lganini oshkor qildi

HAMAS berilgan kafolatlarga javoban sulhga rozi bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 8-may — Sputnik. Falastinning HAMAS harakati unga berilgan kafolatlar tufayli vositachilar tomonidan taklif qilingan sulh shartlariga rozi bo‘ldi. Bu haqda HAMASning siyosiy yetakchilaridan biri Bassam Xalaf Sputnik radiosiga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
Dushanba kuni HAMAS Misr va Qatar vositachilari tomonidan taklif qilingan 42 kunlik uch bosqichli sulh shartlariga roziligini e’lon qildi, unda isroillik garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni to‘xtatish ko‘zda tutilgan va Isroilning javobi kutilmoqda.
“Muzokaralar Isroil qo‘shinlarini G‘azodan olib chiqib ketish va o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilish bosqichida boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, biroq berilgan kafolatlar bizni bu taklifga rozi bo‘lishga majbur qildi”, — dedi u.
Shu bilan birga, u "yuqori martabali isroillik harbiy asirlarni almashishni kechiktirish bu urush paytida HAMAS qo‘lida kuchli qartaga aylandi", deb hisoblaydi.
Xalafning so‘zlariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘t ochishni to‘xtatishni istamaydi va harakat vositachilar taklifini rad etadi deb o‘ylagan.
“HAMAS isroilliklarning javobini kutar ekan, Rafahda Isroil agressiyasiga qarshilik ko‘rsatadi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Xalafning ta’kidlashicha, Rafahda sodir bo‘layotgan voqealar muzokaralar jarayoniga ta’sir qilmaydi, chunki harakat dastlab o‘zining qat’iy pozitsiyasini va rad eta olmaydigan talablarini bayon qilgan, birinchi navbatda, bu o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil armiyasini G‘azo sektoridan olib chiqish.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 7-oktabrda Isroil G‘azo sektoridan misli ko‘rilmagan raketa hujumiga uchradi. Shundan so‘ng Falastinning HAMAS harakati jangarilari chegara hududlariga kirib, harbiylar va tinch aholiga qarata o‘t ochgan va 200 dan ortiq kishini garovga olgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1,2 mingga yaqin odam halok bo‘lgan.
Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektorida tinch aholi manzillariga hujumlarni o‘z ichiga olgan “Temir qilichlar” operatsiyasini boshladi. Isroil anklavni to‘liq qamalga olganini e’lon qildi: suv, elektr energiyasi, yoqilg‘i, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berish to‘xtatildi. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 34 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 78 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.