Sentabrga qadar o‘quv jarayonlariga yangi tizim joriy etiladi — tafsilotlar

Endi davlat granti 4-yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 7-may — Sputnik. Endi davlat granti o‘rinlari eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlar tanlovi asosida belgilanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida oliy ta’lim tizimi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan taqdimotda aytib o‘tildi.
Qayd etilishicha, hozirda bakalavriatda 306 ta yo‘nalish, magistraturada 625 ta mutaxassislik bor. Lekin ularning ayrimlari xalqaro standartlar va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos emas. Bu bitiruvchilarda to‘liq malaka shakllanishi va ularning ishga joylashishida muayan qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
“1 sentabrga qadar o‘quv jarayonlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, yangi tizimni joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi”, — deyiladi xabarda.
Keyingi asosiy masala bu – oliy ta’limga qabul tizimini yanada adolatli qilish va davlat grantlarini iqtidorga yo‘naltirish. Hozirgi qabul tizimi, kvotalarning taqsimlanishi raqobatni to‘liq ta’minlamayapti. Ayrim abituriyentlar yuqori ball to‘plasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, o‘qishga kirolmay qolishi mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra, muayan bir yo‘nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyent, tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Ya’ni, yuqori ball olgan yoshlar o‘qishga kirmay qolmaydi.
Yana bir yangilik: endi davlat granti 4-yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. Davlat rahbari bu tizimni adolatli yo‘lga qo‘yish, yoshlarga va ota-onalarga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Malaka talablari

Qayd etilishicha, ayrim mezonlar xalqaro standartlarga va ish beruvchi talablariga to‘liq mos kelmaydi. Mehnat bozorida mavjud 8 mingga yaqin ishchi kasbdan 5 mingdan ortig‘i bo‘yicha malaka standartlari ishlab chiqilmagan. Borlari ham aniq va sifatli emas.
Shuningdek, malakani baholash markazlarida sertifikatlash yo‘lga qo‘yilmagan. Milliy malaka tizimiga doir jarayon va hujjatlar Elektron platformada yuritilmaydi.
Shu bois Milliy malaka tizimini rivojlantirish institutini tashkil qilib, ish beruvchilar bilan birga malaka talablarini to‘liq ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Kolichestvo gosudarstvennix grantov budet opredelyatsya isxodya iz vibora vuzov abituriyentami, nabravshimi naivisshiy ball
“Bu aholi bandligiga bevosita daxldor dolzarb masala. Shuning uchun bu borada qonunlar ishlab chiqib, vazirlik va idoralar mas’uliyatini belgilash, ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muhandislik sohasidagi ta’lim sifati

Mamlakatda yiliga 3 mingdan ziyod sanoat korxonalari tashkil etilib, 146 ming ish o‘rni yaratilayapti. Ularda yiliga 25 mingdan ziyod muhandis va texnologlarga ehtiyoj bor.
Bu yo‘nalishda 33 ta davlat oliygohida kadrlar tayyorlansa-da, ta’lim sifati talab darajasida emas. Ilg‘or xorijiy universitetlarda allaqachon to‘xtatilgan ayrim fan va mutaxassisliklar hali ham o‘qitilmoqda. O‘quv reja va dasturlarining qariyb yarmi mehnat bozori va xalqaro standartlarga javob bermaydi. Mutasaddilarga ushbu ta’lim yo‘nalishida keskin o‘zgarish yasash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.