O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston xavfsizlik xizmati rahbarlari uchrashdi

Farg‘onada Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston xavfsizlik xizmati raislari uchrashdi.
Sputnik
TOShKENT, 7-may — Sputnik. Farg‘onada Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev, Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Saymumin Yatimov va O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda umumiy xavfsizlik, terrorizm, narkotrafikka qarshi kurashish hamda chegara masalalari ko‘rib chiqildi.

“Muzokaralar chog‘ida tomonlar ochiq va maxfiy tarzda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga oid barcha muammolar to‘plamini atroflicha muhokama qilishdi. Terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi, noqonuniy migratsiya, kontrabanda va transchegaraviy xarakterdagi boshqa tahdid va chaqiriqlarga qarshi kurashish kabi dolzarb sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi”, — deyiladi DXX xabarida.

Tomonlar davlatlari o‘rtasida chegaradagi hamkorlik va umuman olganda, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga to‘xtalib o‘tishdi.
Muloqot chog‘ida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bilan bog‘liq kun tartibidagi masalalar, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaralarni demarkatsiya qilish masalalari konstruktiv tarzda ko‘rib chiqildi.
“Uchrashuv ishtirokchilari qirg‘iz-tojik chegaralarini delimitatsiya qilish va o‘zbek-qirg‘iz davlat chegaralarini demarkatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi va tomonlarning o‘zaro manfaatlarini hisobga olgan holda ushbu masalalarni hal etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilab oldi”, — deyilgan xabarda.
Muzokaralar yakunida Qirg‘iziston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi a’zolariga chegaraning qolgan uchastkalarini muvofiqlashtirish, shuningdek, tegishli ikki tomonlama shartnomani tayyorlash va imzolash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.