TOShKENT, 2-may — Sputnik. Shu yilning 21-may kuni Ozarbayjonning Quba shahrida Ozarbayjon-O‘zbekiston hududlararo forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro investitsiya forumida Ozarbayjon Eksport va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi ijrochi direktori Yusif Abdullayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ozarbayjon delegatsiyasi Toshkentda o‘tayotgan III Xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun kengaytirilgan tarkibda kelgan.
“21 may kuni Ozarbayjonning Guba shahrida Ozarbayjon-O‘zbekiston hududlararo forumi bo‘lib o‘tadi”, — dedi Yusif Abdullayev.
Qayd etilishicha, bir qancha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi. O‘tgan 7-8 oy davomida bu hamkorlik sezilarli yutuqlarga erishdi. To‘qimachilik sohasida katta imkoniyatlar mavjud.
Yusif Abdullayev to‘qimachilik korxonasi yaratish loyihasini birgalikda amalga oshirishga umid bildirdi. Shuningdek, u Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida sanoat, avtomobilsozlik, qurilish va boshqa sohalarda yaqin bir necha oy ichida amalga oshiriladigan yana bir qancha loyihalarni aytib o‘tdi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazmoqchi. Bu haqda Yusif Abdullayev investitsiya forumi doirasida Sputnik O‘zbekiston muxbiriga ma’lum qildi.
“Kecha Vazirlar yig‘ilishi doirasida tovar ayirboshlashni bir milliard dollarga oshirish uchun tovarlar nomenklaturasini belgilaydigan ishchi guruh muhokama qilindi. Buning uchun katta imkoniyatlar mavjud”, — deya aniqlik kiritdi Abdullayev.
Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborovning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik transport, sarmoya, energetika va sanoat kooperatsiyasi kabi asosiy yo‘nalishlarda faol rivojlanmoqda.
Vazir ta’kidlaganidek, ikki yil avval O‘zbekistondan olib kelinayotgan tovarlarga maxsus tariflar joriy etilgani yuk tashish hajmini bir necha barobar oshirish imkonini berdi.
“2024 yilning dastlabki uch oyida barcha transport turlarida 300 mingdan ortiq turli yuklar tashildi”, — dedi vazir.
Bu ko‘rsatkich yiliga bir million tonnaga yetishi kutilmoqda. Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida to‘qimachilik va zargarlik sanoati, avtomobilsozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalari ham forum ishtirokchilari tomonidan qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili fevral oyida Toshkentda birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon hududlararo forumi bo‘lib o‘tgan edi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida 500 million dollarlik qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha hukumatlararo bitim imzolagan.
Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Ozarbayjon respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 2-3 may kunlari Toshkentda uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi. 2022-yilda o‘tgan ilk forumga 56 ta mamlakatdan mingdan ziyod xorijiy mehmonlar kelgan. Shu yilning 3-may kuni prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi ham o‘tkaziladi.