TOShKENT, 2-may — Sputnik. O‘zbekistonda IT mahsulotlari eksporti 5 milliard dollarga yetkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tayotgan III Xalqaro investitsiya forumida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, so‘nngi 1-yil ichida IT mahsulotlari eksporti 2 barobarga oshdi.
“Kelajakda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz. IT park rezidentlari soni 10 barobarga oshadi. Kelgusida shu sohada 10 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Uning bazasida xorijiy kompaniyalar uchun raqamli texnologiyalar xalqaro markazi yaratilmoqda”, — deya qayd etdi Mirziyoyev.
Bu borada Saudiya Arabistonining “Data Volt” kompaniyasi bilan “yashil” energiya asosida ishlaydigan “Ma’lumotlar markazi” barpo etilayotgani ta’kidlandi. Bu mamlakatni raqamli iqtisodiyotga o‘tkazish va sun’iy intellekt asosida texnologiyalarni joriy etishga ulkan turtki beradi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 2-3 may kunlari Toshkentda uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi. 2022-yilda o‘tgan ilk forumga 56 ta mamlakatdan mingdan ziyod xorijiy mehmonlar kelgan. Shu yilning 3-may kuni prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi ham o‘tkaziladi.