TOShKENT, 30 apr — Sputnik. Ishonchim komilki, sizlar final bellashuvida “Osiyo chempioni” degan sharafli nom uchun munosib kurash olib borasiz. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasiga yo‘llagan tabrigida ma’lum qildi.
“Shu kunlarda Qatar davlatida futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, biryo‘la final yo‘llanmasi hamda shu yil yozda Parijda o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman”, — deyiladi tabrik matnida.
Qayd etilishicha, erishgan bu tarixiy g‘alaba zamirida mamlakatda sport sohasini, jumladan, futbolni rivojlantirishga berilayotgan ulkan e’tibor va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli amaliy ishlar mujassam.
"Jonajon O‘zbekistonimizning futbol tarixida birinchi marta erishilgan bunday yorqin g‘alabani, hech shubhasiz, mamlakatimizdagi barcha sport muxlislari, ko‘pmillatli butun xalqimiz cheksiz quvonch va g‘urur bilan kutib oldi. Zero, bu el-yurtimizning necha yillik buyuk orzusi edi. Bu orzuni amalga oshirish aynan sizlarga – Yangi O‘zbekistonning navqiron farzandlariga nasib etgani bilan har qancha faxrlansangiz, arziydi", — deyilgan tabrik matnida.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Osiyo qit’asidagi eng kuchli jamoalar bilan qizg‘in kurashlar ostida bo‘lib o‘tgan 5 ta o‘yinda ham jamoa darvozasini daxlsiz saqlab, raqiblar darvozasiga 14 ta javobsiz to‘p kiritilgani ham futbol tarixida misli ko‘rilmagan natijadir.
“Ishonchim komilki, sizlar bu yutuqdan yanada ruhlanib, final bellashuvida “Osiyo chempioni” degan sharafli nom uchun munosib kurash olib borasiz. Fursatdan foydalanib, barchangizga, sizlarning mehribon ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringizga ham chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman. Butun O‘zbekiston xalqi sizlarga hamisha baxt va omadlar, porloq g‘alabalar tilaydi, aziz bolalarim!”, — deya qayd etgan Mirziyoyev.