TOShKENT, 29 apr — Sputnik. O‘zbekistonlik gimnastikachi qizlar Jahon kubogi bosqichini yettita medal bilan yakunlashdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.
Toshkent mezbonlik qilgan badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi bosqichi nihoyasiga yetdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza, jami 7 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Taxmina Ikromova bulavadagi mashqda kumush, Natalya Usova esa bronza medaliga ega chiqdi.
Shuningdek, guruh mashqida 3 ta tasma va 2 ta to‘pdagi chiqishda Shahzoda Ibragimova, Mumtozabonu Is’hoqzoda, Evelina Atalyans, Amaliya Mamedova, Iroda Sodiqova kumush medalni jamoa hisobiga qo‘shib qo‘yishdi.
Barcha yo‘nalishdagi g‘olib va sovrindorlar:
Oltin medal: Taxmina Ikromova (xalqa), Taxmina Ikromova (to‘p).
Kumush medal: Taxmina Ikromova (ko‘pkurash), Taxmina Ikromova (bulava), Taxmina Ikromova (tasma);
Guruh mashqi (3 tasma va 2 to‘p);
Bronza medal: Natalya Usova (bulava).
Eslatib o‘tamiz, 26-aprel kuni Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogining to‘rtinchi bosqichi start oldi. 28-aprelga qadar davom etgan bu yilgi bahslarda dunyoning 34 mamlakatidan 100 nafardan ortiq sportchi ishtirok etdi.