TOShKENT, 29 apr — Sputnik. O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida 44 mln dollarlik eksport shartnomalar imzolashga kelishildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, uch kunlik Afg‘oniston ishbilarmon doiralari delegatsiyasining tashrifi doirasida, mahalliy korxonalar tomonidan qariyb, 44 mln dollarlik eksport shartnomalar imzolashga kelishildi.
“2024 yil holatiga ko‘ra, Afg‘onistonda doimiy aholi soni 34,9 million nafarga yetdi. Import bozori 7 mlrd dollarni tashkil etadi. Eng ko‘p talab qilinadigan tovarlar qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm, elektrotexnika mahsulotlari va qurilish materiallari hisoblanadi. O‘zbekistonda esa ushbu bozorni egallab olish uchun barcha imkoniyatlar mavjud”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, samarali muzokaralar natijasida qo‘shni davlatning 18 ta yetakchi kompaniya vakillari ishtirokida O‘zbekiston-Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashini tuzishga kelishib olindi.
“Ishbilarmonlar Kengashining tuzilishi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga, ular uchun o‘zaro munosabatlarning yangi platformalarini yaratishga, shuningdek, o‘zbek mahsulotlarini Afg‘onistonga eksport qilish hajmini oshirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda yordam beradi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, mahalliy eksportchilar mahsulotlarini qo‘shni davlat bozoriga olib chiqish maqsadida Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan Toshkentda ikki davlat ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forumi tashkil etildi. Unda tegishli vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek 200 ga yaqin ikki davlat biznes vakillari ishtirok etdi.