Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi

Prezidentga Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha axborot berildi.
Sputnik
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev III Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 2022-yilda o‘tgan ilk forumga 56 mamlakatdan mingdan ziyod xorijiy mehmonlar kelgan bo‘lsa, bu yil 84 ta davlatdan qariyb 2 ming 500 kishi qatnashishi kutilmoqda.
Prezidentga Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha axborot berildi.
“Ular orasida hukumat vakillari, yirik kompaniyalar rahbarlari, BMT, YeTTB, OPEK, ShHT kabi xalqaro tashkilotlardan yuqori martabali mehmonlar bor”, — deyiladi xabarda.
Forum mamlakatning iqtisodiy imkoniyatlarini ko‘rsatish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni kelishish uchun qulay maydondir. Shu bois uning doirasidagi tadbirlar, muhokama qilinadigan masalalar ko‘p.
“Jumladan, sho‘’ba majlislari, davra suhbatlari, taqdimotlar, hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari kabi 40 dan ortiq tadbirlar rejalashtirilgan. Shuningdek, yurtimizdagi qator loyihalarni ishga tushirish marosimi ko‘zda tutilgan”, — deya qayd etildi taqdimotda.
O‘zbekiston yetakchisi forumni yuqori darajada tashkillashtirish, har bir tarmoq va hududning investitsiyaviy salohiyatini to‘la namoyon etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
3 may kuni prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining ikkinchi yalpi majlisi ham o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, ushbu kengash jahon tajribasi va amaliyotlariga tayangan holda, O‘zbekiston hukumatiga mamlakatni investitsiyaviy, sanoat-texnologik va innovatsion rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahatlar beradi. Bu galgi majlisda ham mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga doir dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 2-3 may kunlari Toshkentda uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi.