Vazirlik va idoralar Yangi Toshkentga ko‘chiriladi — prezident qarori

Prezident qaroiga muvofiq respublika ijro hokimiyati organlari Yangi Toshkentga ko‘chirilib ular egallab turgan binolar sotuvga chiqariladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 apr — Sputnik. Vazirlik va idoralar Yangi Toshkentga ko‘chiriladi, bu haqida 19-aprel kuni imzolangan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilangan.
Qarorda aytilishiga ko‘ra, Abdulla Aripov respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini Yangi Toshkent shahri hududiga ko‘chirish, ularning ma’muriy binolaridan samarali foydalanish va ularni sotishdan tushadigan mablag‘larni ushbu hududda ma’muriy binolarni barpo etishga yo‘naltirish yuzasidan 3 oy ichida taklif kiritishi lozim.

Shuningdek, qarorda quyidagilar ham belgilangan:

Davlat ulushi 50%dan yuqori bo‘lgan korxonalar samarasiz foydalanilayotgan aktivlari sotiladi va bo‘sh turgan yerlari xususiylashtiriladi.
Davlat korxonalarining aksiyalari fond bozorlariga birlamchi yoki ikkilamchi savdoga chiqariladi.
Davlat mulkini sotishda tadbirkorlar va xorijiy investorlarga turli yengilliklar beriladi, to‘lovni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
2024 yil 1-maydan boshlab qishloqxo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotishni tezlashtiriladi, ularning negizida ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirishni rag‘batlantiriladi.
Avtomobil yo‘llari bo‘yida joylashgan bo‘sh yerlar savdo-maishiy obyektlar tashkil etish uchun tadbirkorlarga rasmiylashtirib beriladi.