Avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga xususiy sektor jalb etiladi

1 maydan boshlab uzunligi 20 kilometrgacha bo‘lgan yo‘llarni ekspluatatsiyasi uchun e’lonlar davlat xaridlarining maxsus axborot portaliga joylashtiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 26 apr — Sputnik. 24 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining "Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlarini autsorsing asosida xususiy sektor tomonidan amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, prezidentning "Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-330-son qarori bilan tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kilometrgacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish belgilangan hamda loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2024-yil 1-maydan boshlab tajriba-sinov tariqasida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish loyihalari bo‘yicha e’lonlarni davlat xaridlarining maxsus axborot portaliga joylashtiradi.
Transport vazirligi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan tajriba-sinov natijalariga ko‘ra ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilgan taqdirda 2025-yil 1-dekabrga qadar keyingi yillar uchun autsorsing asosida ekspluatatsiya qilinadigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini autsorsing asosida ekspluatatsiya qilish ishlari 2024-yil 1-maydan boshlab davlat budjetidan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, ekspluatatsiya qilish hamda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish va ularning oldini olish ishlariga ajratilgan mablag‘lar doirasida asoslantirilgan hisob-kitoblarga muvofiq moliyalashtiriladi.
O‘zbekistonda 841 kilometr yo‘llar sement-beton qoplama bilan yangidan quriladi