Endi yo‘l qoidasi buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida kelmasa, bekor bo‘lishi mumkin

Yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida kelmasa bekor bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 23 apr — Sputnik. Yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida kelmasa, bekor bo‘ladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda ma’lum qilindi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan quyidagi hollarda ishni ko‘rib chiqishni tugatish belgilanmoqda:
avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yo‘l harakati qoidalari buzilganligi qayd etilgan hollarda transport vositasining mulkdori to‘g‘risida ma’lumot mavjud bo‘lmasa;
maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxsga 48 soat ichida yuborilmasa.
“Amaldagi qonunchilikda aniq muddat ko‘rsatilmagani sababli foto va video qayd etish vositalari yordamida aniqlangan huquqbuzarliklar haqida ular sodir etilgan vaqtdan boshlab bir necha kun, ayrim hollarda bir necha oy o‘tgandan so‘ng ijroga kelib tushayotganligi fuqarolarning sodir etilgan huquqbuzarlik holatini tan olmaslik yoki to‘planib qolgan jarimalarni to‘lashda qiynalishga olib kelgan va asosli e’tirozlar kelib chiqarmoqda. Shu sababli mazkur masalani hal etish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17-1-moddasini 6-qismi bilan to‘ldirib, unda foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklarni qayd etishning yangi tartibini belgilash taklif etilmoqda”, — dedi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida Yo‘l harakati xavfsizligi ma’muriy amaliyot tizimiga kelib tushishi kerak. U esa 15 kun ichida jarima solish to‘g‘risida qaror chiqarishi lozim, aks holda haydovchi javobgarlikka tortilmasligi belgilanmoqda.
Shuningdek, tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari transport vositalari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar yuzasidan yuritilgan ma’muriy ishlarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechgan holda tugatish tartibini joriy etish belgilanmoqda.

“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17-1-moddasi 5 qismiga tez tibbiy yordam va yong‘in qutqaruv bo‘linmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi bilan bog‘liq normani chiqarib tashlash taklif etilmoqda”, — deya qayd etdi Abdullayev.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari ma’lum qilishicha, 2020-2023 yillarda jami 20 ming 596 ta holat, undan 10 ming 444 tasi mamuriy ishlar tugatilgan. 10 ming 173 tasida yong‘in qutqaruv va tez yordam haydovchilariga jarimalar olingan.
Shuningdek, loyihada kichik hajmli elektr dvigatelli transport vositalari hamda individual harakatlanish vositalarini (skuter, moped, velosiped haydovchi, individual harakatlanish vositasini, ulovli aravani boshqarib boruvchi shaxs tomonidan sodir etilishi) boshqarish jarayonida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash nazarda tutilmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.