TOShKENT, 22 apr — Sputnik. O‘zbekistonlik qilichbozlar Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 4 ta medalni qo‘lga kiritishdi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Saudiya Arabistonida 12-21 aprel kunlari qilichbozlik bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.
“O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza, jami 4 ta medalga sazovor bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, bu o‘zbek qilichbozlarining jahon chempionatlarida qayd etgan eng yaxshi natijasi bo‘ldi.
Endi yoshlar jamoasidan iborat sportchilar 27-28 aprel kunlari BAAning Fujayra shahrida o‘tadigan Parij-2024 litsenzion turnirida ishtirok etishadi.
Jahon chempionati sovrindorlari:
Oltin medal: Sardor Abdukarimbekov (sablya, o‘smirlar);
Kumush medal: Alpamis Urakbayev (sablya, o‘smirlar);
Bronza medal: Fernanda Errera (sablya, yoshlar), Nargiza Jaksibayeva (sablya, o‘smirlar).