O‘zbekiston kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqadi

Fanlar akademiyasi huzurida Zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasi tashkil etildi.
Sputnik
TOShKENT, 18 apr — Sputnik. O‘zbekiston kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqadi. Bu haqda prezident imzolagan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasiga zamonaviy yondashuvlar joriy etiladi, bino va inshootlarning zilzilabardoshligi yanada oshiriladi. Shuningdek, kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqish va ularga tayyorgarlik ko‘rishning zamonaviy tizimini yaratiladi.
“2024 yil 1-iyundan boshlab MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi”, — deyilgan hujjat matnida.
Shuningdek, 1-iyuldan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III – IV toifa bo‘lgan obyektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy etib belgilanadi.

“MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori ballik yer silkinishi sodir bo‘lganda uskunalardan olingan ma’lumotlar tezkor ravishda tahlil qilinadi. U haqidagi axborot O‘zbekiston aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga kiritiladi. Respublika kengashi uch kun muddatda hokimliklar bilan birgalikda zilzila natijasida aniqlangan bino va inshootlarning zaif nuqtalarini mustahkamlash va xavfni bartaraf etish choralarini belgilab, ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi”, — deyilgan qaror matnida.

Belgilanishicha, 2024-yil 1-iyulga qadar respublikaning barcha tuman va shaharlari hududlari kesimida mintaqaviy akselerogrammalar raqamlashtirilsin hamda ularning onlayn bazalari shakllantiriladi.
1 avgustdan boshlab esa, xavflilik omili III – IV toifa bo‘lgan obyektlarni hududning zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalash va qurish tartibi joriy etiladi.
2024 yil 1-iyundan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III – IV toifa bo‘lgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etiladi. Mazkur tizimi mavjud bo‘lgan hollardagina shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan o‘tkaziladi.

“2024 yil 1-iyulga qadar texnik holati qoniqarsiz deb topilgan mavjud bino va inshootlarni “kompensatsion inyeksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish” uslubi orqali qayta tiklash ishlari eksperiment tariqasida amalga oshiriladi”, — deyiladi hujjat matnida.

2024 yil 1-iyundan boshlab respublika hududida bo‘lib o‘tgan zilzilalar monitoringi, ularning ilmiy tahlili va faol tektonik yer yoriqlarining harakatlari orqali yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda zilzilalarning vujudga kelish mexanizmi, darajasi va zilzila darakchilarining turli geodinamik jarayonlarda namoyon bo‘lishi, shuningdek, yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash – Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
2024 yil 1-maydan boshlab har bir hududda kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontorlik guruhlarini shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror bilan, Fanlar akademiyasi huzurida Zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasi tashkil etildi. Assotsiatsiya tomonidan har chorakda tayyorlanadigan takliflar Respublika kengashi tomonidan har yarim yilda muhokamadan o‘tkaziladi va asoslangan takliflar zudlik bilan amalga oshiriladi.
Endi o‘zbekistonliklar kuchli zilzila oldidan ogohlantiriladi