TOShKENT, 17 apr — Sputnik. O‘zbekistonda 1-maydan gaz va elektr narxi oshadi. Bu haqda 16-aprel kuni Hukumat tomonidan qabul qilingan tegishli qarorda nazarda tutilgan.
Hukumatning “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, aholi uchun elektr energiyasining kVt.soati 295 so‘mdan 450 so‘mga, gazning kubi 380 so‘mdan 650 so‘mgacha oshiriladi.
Ijtimoiy norma elektr energiyasi uchun 200 kvt.soatni, gaz uchun yozgi mavsumda 100 kub, qishki mavsumda 500 kub miqdorida belgilanadi.
Hujjatda belgilanishicha, ayrim fuqarolarga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya beriladi.
Unga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:
2024-2025 yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish grafigi;
2024 yil 1-maydan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining “bazaviy meyorlari”.
Shu yil 1-maygacha yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari oshishini hisobga olgan holda minimal iste’mol xarajatlari qiymati qayta ko‘rib chiqiladi.
Quyidagi toifadagi iste’molchilar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash bo‘yicha vaqtincha kompensatsiya joriy etiladi:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalar, bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi oilalar;
Yagona reyestrga kiritilmagan, “mahalla yettiligi” xulosasi asosida aniqlanadigan qo‘shimcha ehtiyojmand oilalar.
Shuningdek, isitish mavsumida (noyabr – fevral oylarida) ehtiyojmand oilalarga kompensatsiya turlari taqdim etiladi. Unga ko‘ra, noyabr oyida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam o‘tkazib beriladi.
Qolaversa, elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha quyidagi miqdorlardagi iste’mol uchun bazaviy meyor doirasidagi hamda bazaviy meyordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi:
tabiiy gaz uchun – oyiga bazaviy meyordan ortiq foydalanilgan 250 kub metrgacha;
elektr energiyasi uchun – oyiga bazaviy meyordan ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha.