BRIKS va YeOII doirasida raqamli valyutalar bilan hisob-kitob qilish kerak — Rossiya banki

Rossiya banki BRIKS va YeOII darajasida raqamli valyutalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisob-kitob qilish tizimini ishga tushirishni taklif qildi.
Sputnik
TOShKENT, 17 apr — Sputnik. Rossiya Markaziy banki BRIKS va YeOII darajasida uzluksiz moliyaviy hisob-kitoblar tizimini va nomoliyaviy xizmatlar yaratish bo‘yicha kelishib olishga chaqiradi, deb xabar qildi Rossiya banki raisi o‘rinbosari Olga Skorobogatova Moskvada bo‘lib o‘tayotgan Data Fusion anjumanida.
“Biz, albatta, yangi millatlararo hisob-kitob infratuzilmalarini yaratish uchun davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish zarur deb hisoblaymiz va buning uchun raqamli valyuta juda mos keladi. Biz ana shunday tizimni hech bo‘lmaganda raqamli valyutalarni milliy darajada to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga tushirishga (SWIFT yoki boshqa tizimlarni chetlab o‘tib) tayyor davlatlar bilan integratsiya qilishimiz mumkin", — dedi Skorobogatova.
“Ikkinchidan, BRIKS yoki YeOII darajasida shu jumladan moliyaviy va nomoliyaviy xizmatlar bo‘yicha kelishib olish kerak. Aytgancha, biometrik tizim ham bu yerda nihoyat ishlay boshladi, biz bunining undan umidimiz juda katta. Bu ham shunday integratsiyaning imkoniyatlaridan biridir”, — deya qo‘shimcha qildi Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari.
Rossiya banki rahbari Elvira Nabiullina aytishiga ko‘ra, ayni damda Rossiya va BRIKS davlatlari o‘zaro hisob-kitoblarining 85% milliy valyutalardar amalga oshirilmoqda.
Rossiya 2024-yilda BRIKSga raislik qilmoqda va ushbu davr mobaynida o‘zaro hisob-kitoblarda raqamli valyutalarga o‘tish borasida jiddiy qadamlar qo‘yilishini ma’lum qilgan edi.
Raqamli rubl

Ma’lumot uchun, Rossiyada raqamli rublni sinovdan o‘tkazish 2023-yilning avgust oyidan boshlangan edi. Rossiya banki raqamli rubl bilan bog‘liq barcha texnik va tashkiliy ishlarni 2023-yilning oxiriga qadar yakunlashni rejalashtirgan.

Raqamli rubl quyidagi xususiyatlarga ega bo‘ladi:

* Raqamli rubl - alohida valyuta emas, u milliy valyutaning uchinchi shakli.

* Raqamli rubldan faqat to‘lov vositasi sifatida foydalanish mumkin.

* Raqamli rublda jismoniy shaxsda faqat bitta hisob raqami bo‘ladi.

* Raqamli rublda kredit olish, keshbek yoki foiz to‘lash bo‘lmaydi.

* Raqamli rubl, kriptovalyutadan farqli o‘laroq, faqat MB tomonidan chiqariladi va barcha operatsiyalar MB tomonidan nazorat qilinadi.

* Raqamli rubl kelajakda eng xavfsiz to‘lov vositasiga aylanadi.

* Rossiyada raqamli rublning keng ko‘lamli emissiyasi 2025-yildan boshlanishi kutilmoqda.