O‘zbekiston O‘mon va Kuvayt tashqi ishlar vazirliklari bilan hamkorlik qiladi

Bugun Toshkentda “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 15 apr — Sputnik. O‘zbekiston O‘mon va Kuvayt tashqi ishlar vazirliklari bilan hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr Albusaydiy hamda Kuvayt davlati tashqi ishlar vaziri Abdulloh Ali al-Yahyo bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotda vazirlik rahbarlari ham mintaqaviy, ham global vaziyatga to‘xtalib o‘tishdi. Shuningdek, hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, barcha sohalarda almashinuvlarni jadallashtirish masalalarini muhokama qilishdi.
“Muzokaralar yakunida tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi”, —deyiladi xabarda.
Shuningdek, Baxtiyor Saidov Ozarbayjon respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov va Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Al-Mazruiy bilan ham uchrashdi.
Suhayl Muhammad Al-Mazruiy bilan suhbat chog‘ida O‘zbekistonning ekologik toza, energiya tejovchi va ilg‘or infratuzilma yechimlarini yaratish uchun eng so‘nggi xalqaro bilim hamda tajribani jalb etishga intilishi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, kecha Baxtiyor Saidov Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan uchrashgan edi. Unda bo‘lajak oliy darajadagi muloqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
Ma’lumot uchun, bugun Toshkentda “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” Strategik muloqoti tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Kengashga a’zo davlatlar – BAA, Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, O‘mon davlatlaridan delegatsiyalar ishtirok etadi.
Yig‘ilishda 2023-yil 19-iyul kuni Jiddada bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi yetakchilarining birinchi sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va atrof-muhitni himoya qilish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, 2025-yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha fikr almashiladi.
Uchrashuv yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.