Xitoyda o‘tkazilgan forumda Xorazmning turli sohalardagi imkoniyatlari namoyish etildi

O‘zbekiston va Xitoy biznes vakillari o‘rtasida B2B va G2B shaklida muzokaralar o‘tkazildi.
Sputnik
TOShKENT, 13 apr – Sputnik. Xitoyda Xorazm viloyati hokimligi hamda Xitoyning xorijda sanoatni rivojlantirish uyushmasi bilan birgalikda "O‘zbekiston – Xitoy: savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va turizm forumi" tashkil etildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar bermoqda.
Forum O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Ilzat Kasimov boshchiligidagi delegatsiyaning Pekinga amaliy safari davomida tashkil etildi.
Forum ishtirokchilari Xorazm viloyatida turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar jarayoni bilan tanishdilar. Viloyatning savdo-iqtisodiy jihatdan jozibadorligi, turizm salohiyati hamda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va afzalliklar yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazildi. Yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha fikr almashildi.
Xitoy kompaniyalari Xorazmda tashkil etilgan erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanishga hamda hamkorlikda yangi sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga chaqirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Xitoyning xorijda sanoatni rivojlantirish uyushmasi bosh kotibi Szan Yun ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotganini ta’kidlab, ushbu mamlakat kompaniyalarining O‘zbekiston bozorida faoliyat olib borishga qiziqishi katta ekanini bildirdi. O‘z navbatida, Xitoy ishbilarmon doira vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Xorazm viloyati mas’ullaridan batafsil javob olishdi.
Tadbirning ikkinchi qismida O‘zbekiston va Xitoy biznes vakillari o‘rtasida B2B va G2B shaklida muzokaralar o‘tkazildi.
Forum davomida o‘tkazilgan tor doiradagi uchrashuvlarda turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi va o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.