TOShKENT, 9 apr — Sputnik. 2024-yil 8-aprel kuni Samara viloyatida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, 15 kishi jarohatlandi.
Hodisa Samara viloyatidagi “Ural—Muxanovo” trassasida sodir bo‘lgan. Chimkent—Nijniy Novgorod yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan avtobus yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilib ketgan.
Baxtsiz hodisa vaqtida avtobusda 66 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ulardan ikki nafari halok bo‘lgan. Yana 15 kishi turli jarohatlar bilan tibbiyot muassasalariga joylashtirilgan.
Samara viloyati Yo‘l-harakati xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, avtobus Qozog‘istonda ro‘yxatga olingan bo‘lgan. Yo‘lovchilar esa — O‘zbekiston fuqarolari. Dastlabki xulosalarga ko‘ra YTH sababi — haydovchi tomonidan yo‘l sharoitiga mos kelomaydigan tezlik tanlanishi bo‘lgan. Ayni damda hodisa huquqni saqlash organlari tomonidan o‘rganilmoqda.
Zarur yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi va Qozon shahridagi Bosh konsullik xodimlari voqea joyiga yetib borishdi.
O‘zbekiston diplomatlari Rossiya Federatsiyasining Samara viloyatidagi tegishli tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda, vaziyat alohida nazorat ostida.