Prezident Ramazon hayiti arafasida 426 kishini afv etdi

Ozod qilinganlarning aksariyatini yoshlar tashkil qiladi. Shunngdek ular orasida ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar ham bor.
Sputnik
TOShKENT, 8 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon bayrami arafasida 426 nafar jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni afv etish to‘g‘risida farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 426 nafar shaxs afv etildi, deyiladi xabarda.
Afv etilgan shaxslarning 135 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 200 nafari - shartli ozod qilindi, 26 nafarining jazosi - yengilroq jazo bilan almashtirildi, 65 nafar shaxslarning jazo muddati qisqartirildi.
Afv etilganlarning 11 nafarini chet el fuqarolari, 50 nafarini ayol, 13 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 157 nafarini yoshlar (shulardan, 3 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 5 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmonda, shuningdek, afv etilgan shaxslarning sog‘lom turmush yo‘lga qo‘yib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul tegishli topshiriqlar berilgan.