TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Ukrainada prezidentlik saylovlarini bekor qilgan Vladimir Zelenskiyni ag‘darishga qaratilgan harbiy to‘ntarishni inkor etib bo‘lmaydi, dedi DXR rahbari maslahatchisi Yan Gagin RIA Novosti bilan suhbatda.
“Zelenskiy harbiy to‘ntarish orqali almashtirilishi mutlaqo mumkin. Ha, bu mumkin. Mamlakatda uning o‘rniga da’vogarlar yetarli va ularning har birining ortida NATO davlatlarining xorijiy razvedkasi turadi. Har qanday holatda, ulardan kimdir shaxmat taxtasida boshqa bir dona sifatida o‘ynalishi mumkin. Xo‘sh, dastlab Zalujniyni (Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy – tahr.) aytishdi, chunki Zalujniy ham fuqarolar, ham harbiylar orasida ma’lum bir obro‘ga ega bo‘lgan va bo‘lib kelyapti”, — dedi Gagin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb uchun "Ukrainada hech bo‘lmaganda qandaydir demokratiya tasvirini" saqlab qolish muhim, shuning uchun mamlakatda prezidentlik saylovlari bekor qilinganidan keyin davlat to‘ntarilishi bo‘lishi mumkin.
“Agar Zelenskiyning qonuniyligi haqida gapiradigan bo‘lsak, menda uning prezident sifatida asl qonuniyligiga nisbatan shubha bor, chunki u 2014-yilda Ukrainada hokimiyatni egallab olgan harbiy xuntaning nayzalari bilan kelgan. Shuning uchun u Poroshenkodan keyingi ikkinchi noqonuniy prezident, nazarimda”, — deya qo‘shimcha qildi Gagin.
O‘tgan hafta Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Vladimir Zelenskiyni 21-maygacha Ukraina prezidenti sifatida tan olish masalasi dolzarbligini yo‘qotishi mumkinligini aytgandi.
Ukrainada prezidentlik saylovlari 2024-yilning 31-martida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq harbiy holat va umumiy safarbarlik tufayli kampaniya o‘tkazilmadi. Zelenskiy hozir saylovlarga “to‘g‘ri vaqt emas”ligini ta’kidlab, bu masalani to‘xtatishga chaqirdi.