O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida ishlab chiqilayotgan hujjatlar loyihalari muhokama qilindi

Tomonlar yangi hujjatlarni ishlab chiqish jarayoni xususida fikrlar almashdi.
Sputnik
TOShKENT, 7 apr — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq boshqarmasi boshlig‘i Amir Sultanov va Kuvayt Tashqi ishlar vazirining shartnoma-huquq masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Tahani an-Nosir o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarning joriy holati va ularni inventarizatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqildi.
Tomonlar yangi hujjatlarni ishlab chiqish jarayoni xususida fikrlar almashdi. Xususan, O‘zbekiston va Kuvayt Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik memorandumi loyihasi matniga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, San’at va madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim va boshqa muhim ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asoslariga oid hujjat loyihalari muhokama qilindi.