Mirziyoyev Matviyenkoni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

Parlamentlararo hamkorlikni xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida yanada rivojlantirish muhim ekani ta’kidlandi.
Sputnik
TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Bugun, 7-aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenko bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat avvalida davlat rahbari Valentina Matviyenkoni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishga ikki mamlakat parlamentlari faol hissa qo‘shayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Muloqot yakunida parlamentlararo hamkorlikni, shu jumladan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida yanada rivojlantirish muhim ekani ta’kidlandi.