TOShKENT, 6 apr — Sputnik. Samarqandda o‘tkazilgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasida savdoni soddalashtirish masalalariga bag‘ishlangan 11-forumda logistikada barqaror ta’minot zanjirlari masalasi muhokama qilindi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Jahon savdosida transport va logistikaning zamonaviy xususiyatlarini muhokama qilish uchun biznes hamjamiyatlari vakillari va xalqaro tashkilotlar ekspertlarini birlashtirgan “Transportning raqamli transformatsiyasi: asosiy tendensiyalar va sinergetik effektlar” panel sessiyasi doirasidagi muhokama Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi tomonidan tashkil etildi.
Ishtirokchilar transport sohasida raqamlashtirish jarayonlarini cheklovchi asosiy omillarni aniqladilar. Shu bilan birga, elektron transport hujjatlarini joriy etish orqali barqaror ta’minot zanjirlarini ta’minlash, transport koridorlarini rivojlantirishda innovatsiyalar va raqamli vositalarning o‘rni, qo‘shma raqamli loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini aniqlash kabi masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
“Raqamli transport tizimlari integratsiyasi sohasida xalqaro tashkilotlar va assotsiatsiyalarning hamkorligi suverenitet va milliy manfaatlarni hurmat qilish tamoyillarini hisobga olgan holda Katta Yevroosiyo doirasida bosqichma-bosqich “uzluksiz” transport makonini shakllantirish imkonini beradi”, — dedi YeIK Energetika va infratuzilma bo‘yicha vaziri Arzibek Kojoshev.
Raqamli va intellektual texnologiyalarni qabul qiluvchi rivojlangan transport, logistika va bojxona infratuzilmasi tarmog‘ining mavjudligi bugungi kunda Katta Yevroosiyo mintaqasida iqtisodiy yo‘laklarni saqlashning asosiy zarurati ekani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) Tailandning Bangkok shahrida joylashgan BMT Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashining beshta mintaqaviy komissiyalaridan biridir. U 1947-yilda Kengashga a’zo davlatlarning iqtisodiy hamkorligini rag‘batlantirish uchun tashkil etilgan.