TOShKENT, 3 apr — Sputnik. O‘zbekistondagi ijod maktablari faoliyati yanada takomillashtiriladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanalida xabar berildi.
“Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ-147-son, 01.04.2024 y.) qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablarida:
ijtimoiy va ijodiy faol, keng jamoatchilik o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari o‘tkaziladi;
“Yosh tarjimonlar” klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
“Matnshunoslik” darslari tashkil etiladi;
har yili 2 marotaba o‘quvchilarning “Ijod bog‘idan guldasta” nomli to‘plamlarini nashr etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
“Tasviriy san’at va chizmachilik” fani negizida “San’at” (ART) fani kiritiladi;
7–9-sinflarning “Texnologiya” fani doirasida robototexnika asoslari o‘rgatiladi.
Shuningdek, 2024/2025 o‘quv yilidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida badiiy adabiyot va san’at sohasida iqtidorli yoshlarni saralashga qaratilgan ko‘rik-tanlov o‘tkaziladi.
Har yili:
“Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida har bir ijod maktabidan kamida ikki nafar o‘quvchining ijodiy ishlar to‘plami nashr etiladi;
an’anaviy “Zomin seminari”da har bir ijod maktabidan kamida 5 nafardan ijodkor o‘quvchilarning ishtiroki ta’minlanadi.
Har bir ijod maktabi “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli 100 jilddan iborat kitoblar majmuasi bilan ta’minlanadi. Ijod maktablari oliy ta’lim muassasalari va O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalariga biriktiriladi.