TOShKENT, 2 apr — Sputnik. 2-3 aprel kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, ShHTga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari vakillarining yig‘ilishi Qozog‘iston raisligida o‘tadi.
Qozog‘iston TIVga ko‘ra, Eron unda ilk bor ShHTning to‘laqonli a’zosi sifatida ishtirok etadi. Bundan tashqari, kuzatuvchi davlatlar – Belarus va Mo‘g‘uliston mehmon sifatida taklif etilgan.
“Uchrashuv doirasida ShHT mas’uliyat zonasidagi dolzarb xalqaro muammolar, jumladan “uch yovuzlik” – terrorizm, separatizm va ekstremizm kuchlariga birgalikda qarshi kurashish masalalari yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan”, — dedi Smadiyarov.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, birgalikda yengish ma’qul bo‘lgan boshqa muammolar qatorida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, xalqaro axborot xavfsizligi sohasidagi hamkorlik, shuningdek, ko‘p tomonlama birlashmalar - BMT, OHIChK, KXShT doirasidagi o‘zaro hamkorlik ham bor.