TOShKENT, 31 mar — Sputnik. O‘zbekistonda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumiy maydoni 6,321 mln gektar bo‘lib, ular mamlakat hududining 14,08 foizini tashkil etmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining ellik birinchi yalpi majlisida ma’lum qilindi.
Senatorlar Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasini ko‘rib chiqishdi. Mazkur so‘rov muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, ulardagi o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z ichiga qamrab olgan.
Senat napravil Kabminu RUz parlamentskiy zapros po zashite prirodnix territoriy
“Mamlakatimizda sohani boshqaruvchi va tartibga soluvchi mustahkam tashkiliy-huquqiy asoslar yaratilgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida respublikada muhofaza etiladigan tabiiy hududlar umumiy maydoni 6,321 mln gektarga yetkazilib, ular mamlakat hududining 14,08 foizini tashkil etmoqda”, — deyiladi xabarda.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda esa O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlar (umurtqali) turlarining 83 foizi va o‘simlik turlarining 89 foizi qamrab olingan.
Senat napravil Kabminu RUz parlamentskiy zapros po zashite prirodnix territoriy
“Aholi tomonidan noqonuniy tarzda chorva mollari boqilishi va boshqa salbiy omillar sabab muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy biomassasi siyraklashgan. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning biologik xilma-xilligi, degradatsiya jarayonlari, ularning xo‘jalik imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlari talab darajasida emas”, — deya qayd etilgan xabarda.
Aytilishicha, inqirozga uchragan maydonlarni qayta tiklash ishlari amalga oshirilmaganligi tufayli shamol va suv ta’sirida tuproq eroziyasi kuchayib, cho‘llanish, chang-to‘zonlarning hosil bo‘lishi surunkali tus olmoqda.
“So‘nggi yillarda turli tabiiy va antropogen omillar tufayli hayvonot va nabotot olami turlari soni kamayib, yashash muhitlaridagi ahvol yanada keskinlashmoqda. Ayrim muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda o‘rnatilgan tartib-qoidalar (rejim) buzilishi, jumladan, brakonyerlik, noqonuniy qurilishlar hamda chorva mollari boqilishi oqibatida yovvoyi hayvon va o‘simliklarga zarar yetkazilmoqda. Aksariyat hollarda yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilinmayapti”, — deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, sohada mutaxassislar tayyorlash tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi bois, malakali kadrlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, senatorlar quyidagilarni amalga oshirish lozimligini aytib o‘tishdi:
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda biologik xilma-xillikni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan mablag‘larni maqsadli sarflash;
brakonyerlik, hayvonot va o‘simlik dunyosi kontrabandasi, noqonuniy qurilishlarni oldini olish;
chorva mollarini boqish, kadastr ma’lumotlarini shakllantirish va tahlil qilish;
sohani raqamlashtirish.
Shuningdek, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini yanada kengaytirish, ulardan samarali foydalanish, ijara munosabatlarini takomillashtirish, davlat-xususiy sheriklik qoidalarini joriy etish, yong‘in xavfsizligini kuchaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amaliy choralar samaradorligini oshirish zarurligiga e’tibor qaratildi.
Muhokama yakunida Hukumatga muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, ulardagi o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan parlament so‘rovini yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.