O‘zbekistonliklarni 1-apreldan qanday yangiliklar kutmoqda — tafsilotlar

Shu yilning 1-aprelidan arxitektorlar, yolg‘iz keksalar, nomoddiy madaniy merosni saqlovchi shaxslar va tadbirkorlar uchun bir qator qulayliklarni nazarda tutuvchi hujjatlar kuchga kiradi.
Sputnik
TOShKENT, 29 mar — Sputnik. O‘zbekistonda 1-apreldan boshlab bank ustav kapitalining eng kam miqdori bosqichma-bosqich oshiriladi, ayrim yolg‘iz keksalarga poyezdga bepul chiptalar ajratiladi, nomoddiy madaniy merosni saqlovchi shaxslar har oyda rag‘batlantiriladi. Batafsil Sputnik O‘zbekiston materialida.

Bank ustav kapitalining eng kam miqdori bosqichma-bosqich oshiriladi

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish kiritildi. Unga ko‘ra, 2024-yil 1-apreldan bank ustav kapitalining eng kam miqdori 350 milliard so‘mni tashkil etadi.
Ilgari bank ustav kapitalining eng kam miqdori 100 milliard so‘mni tashkil etishi lozim edi.
Shuningdek, tashkil etilayotgan yoki qo‘shib yuborish, bo‘lish va ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilayotgan bank ustav kapitali yuqorida nazarda tutilgan kundagi miqdorlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

Ayrim yolg‘iz keksalarga poyezdga bepul chiptalar ajratiladi

“O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi.
2024 yil 1-apreldan reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularga bevosita hamrohlik qiluvchi 1 nafar shaxsga bir yilda bir marta temir yo‘l yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi.

Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida ayrim xizmatlar ko‘rsatiladi

2024 yil 1-apreldan Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:
ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga ko‘ra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;
ular tomonidan mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.
Bunda, mazkur xizmatlardan:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ATga kiritilgan oilalarning o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalari va nogironligi bo‘lgan shaxslari bir yilda bir marta bepul;
ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlari joylashgan hududdagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar shartnoma asosida foydalanadi.
Nomoddiy madaniy merosni saqlovchi shaxslar har oyda rag‘batlantiriladi
“Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori bilan nomoddiy madaniy merosni saqlovchi shaxslar har oyda rag‘batlantiriladi.
Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-apreldan:
noyob va (yoki) yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi 20 nafar shaxs aniqlanib, ularga ko‘maklashiladi hamda faoliyatini baholash ko‘rsatkichlari belgilab beriladi. Ushbu ko‘rsatkichlarni bajargan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar har oyda 5 mln so‘m miqdorida rag‘batlantirib boriladi;
alohida ahamiyatga ega nomoddiy madaniy meros namunalarini yozib olish va keng tarqatish uchun har yili 50 ta audiovizual asar yaratishga davlat buyurtmasi beriladi.
Qarorga ko‘ra, nomoddiy madaniy meros namunalarini “tayyorlash–o‘rgatish–tiklash–ommalashtirish” yaxlit uzluksiz tizim asosida rivojlantiriladi.
Nomoddiy madaniy meros namunalarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-amaliy va ijodiy maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida etnofolklor laboratoriyasi tashkil etiladi. 2024-yil 1-apreldan shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3-yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi.

Tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari rag‘batlantiriladi

“Ma’muriy islohotlar doirasida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoniga ko‘ra, tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari rag‘batlantiriladi.
Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bosh boshqarmasi va tumanlar bo‘limlari Toshkent shahri hokimligi bo‘ysunuvidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkazilib, Toshkent shahar Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi va tumanlar bo‘limlariga aylantiriladi.
Qonunchilikka ko‘ra, 2024-yil 1-apreldan shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha har 3-yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi:
tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari;
qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlari.
Bunda, mutaxassislarni sertifikatlash ishlarini tashkil etish bo‘yicha ishchi organ funksiyasi Kompetensiyani rivojlantirish institutiga yuklanadi.

Ayrim tadbirkorlarga subsidiya beriladi

2024 yil 1-apreldan 2026-yil 1-aprelgacha mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar mehmonxonaning kamida 3 ta xonasini nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rindiqli aravachadan foydalanishi uchun qulay tarzda jihozlasa, shuningdek, eshitishi va ko‘rishi uchun displey hamda ovozli qurilmalar o‘rnatsa, ularga har bir maxsus jihozlangan xona uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya beriladi:
yulduzli toifadagi mehmonxonalarga – 2 million so‘m;
yulduzli toifa olmagan mehmonxonalarga – 1 million so‘m.

“Ko‘cha san’ati va musiqasi” loyihasi amalga oshiriladi

“Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori bilan, 2024-2025 yillarda respublikada o‘tkaziladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlarining kalendar rejasi tasdiqlangan.
Unga ko‘ra, 2024-yildan har ikki yilda bir marta oktabr oyida badiiy havaskorlik jamoalari o‘rtasida respublika tanlovi o‘tkaziladi.
2024 yil 1-apreldan:
“Madaniyat to‘lqinlari” media loyihasi amalga oshiriladi;
Media loyiha doirasida tanlov o‘tkaziladigan yo‘nalishlar va ularning konsepsiyasi belgilab berilib, jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan va g‘oyaviy yuksak eng yaxshi 50 ta media mahsulotning har biri 50 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
“Xon qabuli” teatrlashtirilgan tarixiy tantanali rasmiy qabul marosimi namuna sifatida Qo‘qon shahridagi Xudoyorxon o‘rdasida tashkil etiladi;
aholi orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur mahalliy va xorijiy shaxslar ishtirokida “Yulduz bilan sayohat” loyihasi amalga oshiriladi;
tegishli manzillarda “Ko‘cha san’ati va musiqasi” loyihasi amalga oshiriladi.