TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Ukraina Qurolli kuchlarining resurslar tanqisligi fonida tang holati butun front chizig‘ida sezilarli, deydi Vladimir Zelenskiy idorasi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev "samarali hujumkor harakatlar" uchun hali yetarli imkoniyatlarga ega emas.
Podolyak, shuningdek, Aleksandr Litvinenkoning Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining yangi kotibi etib tayinlanishi tahliliy komponentni kuchaytirishga qaratilganini aytdi, chunki Ukraina "tang holatda".
“Front chizig‘idagi tang holat nazarda tutilmoqda. Ko‘rib turibmiz, resurslarning yetishmasligi taktik darajada har qanday samarali hujum operatsiyalarini rejalashtirishga imkon bermayapti”, - dedi u.
Zelenskiy bungacha tashqi razvedka xizmati rahbari lavozimini egallab kelgan Aleksandr Litvinenkoni Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi lavozimiga tayinladi.
Avvalroq Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘i Uilyam Borns AQShning qo‘shimcha harbiy yordam berishdan bosh tortishi joriy yilda Ukraina uchun katta hududiy yo‘qotishlarga olib kelishini aytgan edi. Shu bilan birga, u agar AQShning yangi yordami Kongress tomonidan ma’qullansa, bu Ukrainaga "Qrimga hujum va chuqur zarbalar berish" imkoniyatini berishini ta’kidladi.
AQSh Kongressi prezident Jo Bayden ma’muriyatining Ukraina uchun yana 60 milliard dollar ajratish haqidagi so‘rovini hozircha qo‘llab-quvvatlamadi. Oldin kelishilgan mablag‘lar o‘tgan yilning dekabrida yakunlandi va ilgari e’lon qilingan harbiy yordam paketlarining bir qismi avvalgi shartnomalarni bajarish uchun Kiyevga o‘tkaziladi.
Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonsonning ta’kidlashicha, kongressmenlar oldida yanada muhimroq vazifalar turibdi, ya’ni Qo‘shma Shtatlar budjeti bo‘yicha ishlarni yakunlash. Bundan tashqari, u palata Meksika bilan chegarada xavfsizlikni kuchaytirish qoidalarini o‘z ichiga olmagan hujjatni ko‘rib chiqmasligi haqida ogohlantirdi.