TOShKENT, 26 mar — Sputnik. Moskvaning Basmanniy sudi “Krokus” teraktiga aloqador sakkizinchi shaxs Alisher Qosimovni hibsga oldi, deb xabar berdi RIA Novosti.
“Tergov talabi qanoatlantirilib, Alisher Qosimovga nisbatan 22-mayga qadar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilsin”, — deya qarorni e’lon qildi sudya.
Ayblov tushunarlimi, degan savolga Qosimov shunchaki “Avito” orqali kvartirani ijaraga berganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bo‘lajak terrorchilarga boshpana berayotganini bilmagan.
Qosimov — Rossiya fuqarosi, asli qirg‘izistonlik. Erkak yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lib, o‘zi ishlayotgan kafeni boshqaradi. Putilkovo qishlog‘ida Krasnogorsk yaqinida yashaydi. O‘rta ma’lumotli, uch nafar farzandi bor. U bu ishda sud majlisida qarindoshlari – onasi, ukasi va amakisi ishtirok etgan birinchi shaxs.
O‘g‘lini zalga olib kirishganda Qosimovning onasi yig‘ladi. Sud ijrochilari "baland ovozli" xatti-harakatlari tufayli ularni majlis zaliga taklif qilmaslikka qaror qilishdi.
Kecha sud terakt ishi bo‘yicha yana uch nafar ayblanuvchini hibsga olgan edi.