Mirziyoyev mutasaddilarga aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qanday topshiriqlar berdi?

Odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga o‘rgatish, kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Sputnik
TOShKENT, 26 mar — Sputnik. Tadbirkorlik istagi bo‘lsa, biznes loyihalar qilib beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlari hamda iqtisodiy kompleks mutasaddilari ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, vodiy viloyatlarida aholi zich yashaydi. Bu yerda hunarmandchilik, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan.
“Davlatimiz rahbari bunday insonlarga alohida e’tibor qaratish, tashkiliy-moliyaviy ko‘mak berib, bandligini ta’minlash zarurligini aytdi. Buning uchun barcha mas’ullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yishi kerak”, — deyiladi xabarda.
Shu bois mahallalarga hokimlik va barcha iqtisodiy idora xodimlari biriktirilmoqda. Ular xonadonlarda bo‘lib, imkoniyatlarini tahlil qiladi.
“Masalan, tomorqasi bo‘lsa, undan samarali foydalanish, daromadini 60-70 million so‘mga olib chiqish bo‘yicha namuna yaratadi. Hunarmandlikka uquvi borlarga xomashyo, uskuna va aylanma mablag‘dan yordamlashiladi. Tadbirkorlik istagi bo‘lsa, biznes loyihalar qilib beriladi”, — deya qayj etildi yig‘ilishda.
Bunda, ayniqsa, tijorat banklari faol bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
“Ular, avvalo, o‘z mijozlari bo‘lgan korxonalar negizida qo‘shimcha ish o‘rinlari ochilishini qo‘llab-quvvatlashi lozim. Qolaversa, banklarga davlat tomonidan katta resurslar ajratilmoqda. Ular joylarda aholi tashabbuslariga yo‘naltirilib, bandlikka xizmat qilishi zarur”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, bu mablag‘lar yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha mahsulotlar, aholining xarid qobiliyati orqali oxir oqibat iqtisodiyotga tushum bo‘lib qaytadi.
Shuningdek, xonadonlarda kichik qayta ishlashlarni tashkil etish, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga o‘rgatish, kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Ta’kidlanishicha, tomorqalarda va dehqonchilik uchun ajratilgan yerlarda meva-sabzavotlar yetishtirib, eksport qilish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik orqali ro‘zg‘orlarga baraka kiritish mumkin.