TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Rossiya harbiylari butun front bo‘ylab Ukraina Qurolli kuchlariga bosim o‘tkazmoqda. Bu haqda Ukraina xavfsizlik xizmatining iste’fodagi polkovnigi Oleg Starikov jurnalist Aleksandr Shelestga* bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
"Doimo bosim ostida ushlab turish – har qanday holatda ham sindiradi, shu yo‘l bilan ular oldinga siljimoqda. Berdichi, Orlovka, Tonenkoe, Ivanovskoyega kirib bo‘lishgan. Oldin chekka joylarda edi, ammo hozir qishloqlarda, ular qishloqlarning 90 foizini egallab olishgan. Men Berdichiga umuman yetib borishmaydi, deb o‘ylagan edim, lekin allaqachon kirib bo‘lishdi. Shuning uchun vaziyat jiddiy”, — deb shikoyat qildi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya kuchlari ukrainaliklarga qarshi “halokatli tebranish” taktikasini qo‘llamoqda: ular butun jangovar aloqa chizig‘i bo‘ylab Ukraina Qurolli kuchlarining zaif tomonlarini qidirib, bosim o‘tkazmoqda.
O‘tgan hafta chorshanba kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu vazirlik kengashida nutq so‘zladi. Unga ko‘ra, yil boshidan buyon Ukraina Qurolli kuchlari 71 mingdan ortiq odam va 11 ming texnikani yo‘qotgan. Ukraina armiyasining yo‘qotishlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli uch baravar ko‘paygan, dedi Shoygu. Vazirning qo‘shimcha qilishicha, armiya dushmanni o‘z pozitsiyalaridan siqib chiqarishda davom etmoqda va ularga yangi chiziqlarda mustahkam o‘rnashib olishga imkon bermayapti.
* Chet el agenti funksiyalarini bajaruvchi jismoniy shaxs