O‘zbekiston va YeOII

YeOII dyuti-fri do‘konlarida tovarlarni sotish bo‘yicha cheklovlarni bekor qildi

Qaror YeOII ishbilarmon doiralarining iltimosiga ko‘ra, boj olinmaydigan do‘konlarda tovar turlarini kengaytirish maqsadida qabul qilingan.
Sputnik
TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) hay’ati tovarlarni dyuti-fri do‘konlarida sotish uchun og‘irlik va o‘lchovlar bo‘yicha cheklovlarni olib tashladi, deya xabar berdi YeIK matbuot xizmati.
Aniqlik kiritilishicha, avval og‘ir (og‘irligi 20 kg dan ortiq) va katta hajmli (uzunligi, eni va balandligi yig‘indisi 200 sm dan ortiq bo‘lgan) tovarlarni sotish taqiqlangan edi.
Bundan tashqari, eksport bojxona to‘lovlari undiriladigan tovarlar chakana savdoga tayyorlanib, tayyor mahsulot ko‘rinishida iste’mol o‘ramiga qadoqlangan bo‘lsa, taqiqdan ozod qilinadi.
“Qaror boj olinmaydigan do‘konlarda tovarlar assortimentini kengaytirish maqsadida YeOII ishbilarmon doiralarining tegishli so‘rovi doirasida qabul qilindi”, — deya tushuntirdi YeIK matbuot xizmati.
Shu bilan birga, Armaniston Respublikasida o‘lcham cheklovlari o‘z kuchida qoladi.