Og‘ir atletika sport turi yanada rivojlantiriladi - tafsilotlar

2024 yildan har yili an’anaviy tarzda og‘ir atletika va parapauerlifting bo‘yicha Markaziy Osiyo ochiq chempionati o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 21 mar — Sputnik. 20 mart kuni “Og‘ir atletika sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2024-yildan har yili an’anaviy tarzda quyidagilar o‘tkaziladi:
og‘ir atletika va parapauerlifting bo‘yicha Markaziy Osiyo ochiq chempionati;
og‘ir atletika va parapauerlifting bo‘yicha “Uzbekistan Open” O‘zbekiston ochiq chempionati;
og‘ir atletika bo‘yicha Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari bo‘yicha uch bosqichli (tuman/shahar, viloyat va respublika) chempionatlar va kuboklar;
og‘ir atletika va parapauerlifting bo‘yicha davlat sport-ta’lim muassasalari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati musobaqasi.
Sport vazirligi huzurida o‘z faoliyatini 2025/2026 o‘quv yilidan boshlovchi Og‘ir atletika markazi (Markaz) tashkil etiladi.
2024 yil 1-sentabrgacha olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlaridagi og‘ir atletika bazalarini xalqaro talablarga javob beradigan sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlanadi va keyinchalik muntazam ravishda maxsus sport kiyimlari (ekipirovkalar) va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlab boriladi.
2024 yil 1-sentabrdan Respublika ixtisoslashtirilgan kompleks bolalar va o‘smirlar sport maktabining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyati hududiy maktablari ochiladi va ushbu maktablarda og‘ir atletika sport turini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Og‘ir atletika va futbol: Mirziyoyevga sport turlarini ommalashtirish rejalari taqdimot qilindi