TOShKENT, 20 mar — Sputnik. Ukraina Qurolli kuchlarining yil boshidan beri yo‘qotishlari 71 ming kishidan oshdi, dedi Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu.
“Umuman olganda, Ukraina Qurolli kuchlarining shu davrdagi, ya’ni joriy yil boshidan beri yo‘qotishlari 71 ming kishidan va 11 ming turli xil qurollardan oshdi. Bu o‘tgan yili xuddi shu davrdagi ko‘rsatkichlardan qariyb uch barobar ko‘pdir”, — dedi vazir.
Xususan, rossiyalik harbiylar to‘rtta Abrams va beshta Leopard tankini, 27 ta Bradley piyoda jangovar mashinasini, oltita HIMARS, 11 ta zenit-raketa tizimini, jumladan, beshta Patriot’ni yo‘q qildi.
Shoyguning ta’kidlashicha, armiya dushmanni o‘z pozitsiyalaridan siqib chiqarishda davom etmoqda va unga yangi chiziqlarda mustahkam o‘rnashib olishga imkon bermayapti.
“Ukraina Qurolli Kuchlari saflarida qochqinlik holatlari tez-tez uchramoqda. Ukraina nazorati ostidagi hududda tinch aholiga qarshi talon-tarojqilish avj olgan. Kiyev rejimi jang maydonidagi haqiqiy vaziyatni fuqarolardan yashirish uchun qo‘lidan kelganini qilmoqda”, - deydi Shoygu.
Unga ko‘ra, Ukraina qo‘mondonligi jangga zaxiralarni tashlashga va xorijiy texnikaning eng qimmat modellaridan foydalanishga majbur.