TOShKENT, 20 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Mirziyoyev MSK raisiga ushbu yuksak unvon va ko‘krak nishonini o‘zi shaxsan topshirdi.
Mazkur unvon Nizomxo‘jayev quyidagi xizmatlari uchun berildi:
davlat hokimiyati vakillik organlari hamda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati;
mamlakatda milliy saylov tizimini umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish borasidagi katta xizmatlari;
yuksak salohiyatli kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni ona vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan munosib hissasi;
tavalludining 70-yilligi munosabati bilan.
Ma’lumot uchun, tibbiyot fanlari doktori, professor Z.Nizomxo‘jayev uzoq yillar qator mas’ul lavozimlarda fidokorona mehnat qilgan. U 2014-yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.