O‘zbekiston va Ozarbayjon oziq-ovqat sanoati sohasida hamkorlik qilishga kelishib olishdi

Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Sputnik
TOShKENT, 19 mar — Sputnik. O‘zbekiston va Ozarbayjon oziq-ovqat sanoati sohasida loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Vazir Laziz Kudratov Ozarbayjonning “Azersun Holding” boshqaruvi raisi o‘rinbosari Savash O‘zan bilan uchrashdi. Tomonlar qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning joriy holati va istiqbollarini ko‘rib chiqishdi.
Qayd etilishicha, suhbatda o‘zaro hamkorlikni, jumladan, tajriba va innovatsiyalarni almashish orqali oshirishga tayyorlik bildirildi.
“Uchrashuv yakuniga ko‘ra tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan tadbirlar borasida kelishuvga erishdilar va muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqdilar”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, "Azersun Holding" - bu oziq-ovqat sanoati sohasida yetakchi Ozarbayjon kompaniyalarini birlashtirgan yirik xolding hisoblanadi. Kompaniya tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi, qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 30 dan ortiq korxona foydalanishga topshirilgan. Xolding Ozarbayjon ichki bozorida oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning katta qismini qondiradi va 40 dan ortiq mamlakatlarga mahsulot eksport qiladi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil 1-fevral holatiga xorijiy kapital ishtirokida eng ko‘p faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarning 235 tasi Ozarbayjonga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligi — infografika