TOShKENT, 18 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinni bo‘lib o‘tgan prezident saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan tabrikladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
"Davlatimiz rahbari maktubida saylovchilarning yuqori faolligi va ovoz berish natijalari aholi Vladimir Putinning siyosati va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturiga ishonch bildirayotgani va ularni qat’iy qo‘llab-quvvatlayotganining navbatdagi yorqin namoyishi bo‘lgani ta’kidlanadi", — deyiladi xabarda.
Mamlakat yetakchisi Rossiya prezidentiga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, Rossiya xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi.
Shuningdek, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ham Rossiya davlat rahbari saylovlarida yetakchi bo‘lgan Vladimir Putinga tabrik telegrammasi yo‘lladi.
Qolaversa, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In ham Vladimir Putinni Rossiya prezidenti etib qayta saylangani bilan tabriklashga ulgurdi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilgi Rossiya prezidenti saylovida ovoz berish 3 kun davom etdi: 15, 16 va 17-mart kunlari. Davlat rahbari lavozimiga to‘rt nafar nomzod ro‘yxatga olingan: Leonid Sluskiy (LDPR), Nikolay Xaritonov (KPRF), Vladislav Davankov (Novie lyudi) va Vladimir Putin (mustaqil nomzod).