TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) kuzatuvchilari Rossiya prezidenti saylovida ovoz berishga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilgani va eng yuqori faollikni qayd etishmoqda. Bu haqda MDHdan kelgan xalqaro kuzatuvchilar missiyasi tarkibidagi Belarus va Rossiya Parlament assambleyasi delegatsiyasi koordinatori Olga Petrashova ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
“Saylov jarayoni ochiqligini qayd etamiz. Ovoz berish jarayoniga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilganini, saylov komissiyalari a’zolarining professionalligi va malakasini qayd etmoqchiman. Saylov uchastkalarida eng yuqori faollik va davomatni qayd etmoqchiman”, — dedi Petrashova Rossiya Markaziy saylov komissiyasida so‘zlagan nutqida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, kuzatuvchilar saylov uchastkalariga tashrif buyurish chog‘ida o‘z nomzodiga ovoz berish uchun kelgan bolali oilalar va keksalarni ko‘rgan.
“Bu juda muhim, biz saylov uchastkalarida o‘zgacha fuqarolik mas’uliyati, mamlakat kelajagiga g‘amxo‘rlik hissini his qildik”, – dedi MDHdan kelgan kuzatuvchilar missiyasi a’zosi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasidagi prezidentlik saylovlarida 129 davlatdan 1115 nafar xalqaro kuzatuvchi ishtirok etdi.