TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Bu yil O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga tashrifi davomida ma’lum qilindi.
Taqdimotda loyihalardan biri “Agroko‘makchi” mobil ilovasi haqida so‘z bordi. Ilovada o‘simliklar himoyasi, bu sohadagi xizmatlar, foydali ma’lumotlar, eksport bo‘yicha maslahatlar bilan tanishish mumkin.
Asiaexport.se platformasi esa mamlakatdagi eksportchilar bilan chet eldagi xaridorlarni o‘zaro bog‘laydi. Unda nafaqat meva-sabzavotlar va quritilgan mevalar, balki sharbatlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qandolatchilik, to‘qimachilik, charmdo‘zlik va farmatsevtika mahsulotlari kabi keng turdagi tovalarlar haqida ma’lumotlar joylashtiriladi.
Agentlikning xalqaro ePhyto solution innovatsion tizimi doirasidagi hamkorligi haqida ham axborot berildi. Bu tizim orqali 119 ta mamlakat bilan fitosanitar sertifikatlar elektron shaklda almashilmoqda. Joriy yilda yana 8 ta davlatga 25 turdagi mahsulot bo‘yicha fitosanitar ruxsatnoma olinadi.
Shu kabi chora-tadbirlar natijasida bu yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish mo‘ljallangan.
Davlat rahbari buning uchun, avvalo, eksportbop mahsulotlarni ko‘paytirish, fermer va dehqonlarning xabardorligini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Prezident O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida bo‘ldi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Bu sohada huquqiy zamin bor, ko‘p davlatlar bilan kelishuvlarga erishganmiz. Lekin eksportchilar mahsulotini qiyinchilik bilan sotayapti. Shuning uchun eksportchilar bilan doimiy “muloqot maydoni”ni tashkil etish kerak. Hokimlar hududda yetishtirilayotgan mahsulotlar, elchilar tashqi bozordagi talab va narxlar bilan eksportchilarni tanishtirib borishi zarur”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident meva-sabzavotlarni qadoqlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
Prezident O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida bo‘ldi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Qadoqlar xalqaro standartlarga mos, zamonaviy dizaynda, sanoatlashgan tarzda bo‘lishi kerak. O‘shanda sifat bo‘ladi, milliy brend yaratiladi, qo‘shilgan qiymat ham baland bo‘ladi. Shuning uchun eksportchilarga to‘g‘ri, tartibli va chiroyli qadoqlashni o‘rgatish kerak”, – dedi davlati rahbari.
Mahsulotlar yaroqsiz bo‘lib qolmasligi, eksportga sifatsiz mahsulot qo‘shilib ketmasligi uchun tizimli ishlash muhimligi aytildi.
Prezident O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida bo‘ldi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Bu borada ham klaster tizimi bo‘lishi kerak. Ta’limdan boshlab, mahsulotlarni ekish, o‘g‘itlash, terib olib, saralashgacha bo‘lgan hamma bosqichlarni o‘zaro muvofiq va yuqori sifatda yo‘lga qo‘yish zarur”, – dedi prezident.
Vazirlar Mahkamasiga ushbu tizimni takomillashtirish va eksportni rejali tashkil etish uchun 3-yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali eksport hajmlari nisbatan qimmat bozorlarga yo‘naltirish muhimligi aytildi.
Qayd etilganidek, chet eldan yuqori samarali entomofaglar olib kelinib, zararkunanda hasharotlarga qarshi yangi turda kurash yo‘lga qo‘yilgan. Tajribali ekspertlarni jalb etgan holda har bir mahsulotni yetishtirish, saqlash, qadoqlash va yetkazib berish bo‘yicha qo‘llanmalar ishlab chiqilgan. 10 ta ko‘chma laboratoriya tashkil etilgan.
“Bu yil hududlarda 10 ta ko‘chma laboratoriya tashkil qilinadi. 6 mingta bog‘, 3 mingdan ziyod tokzor va dala maydonlari, 344 ta qadoqlash korxonasi xorijiy fitosanitariya talablariga muvofiqlashtiriladi. Pestitsidlar muomalasidagi barcha jarayonlar raqamlashtirilib, sifatsiz pestitsidlarning yurtimizga olib kelinishi va noqonuniy savdosiga barham beriladi”, – deyiladi xabarda.
Prezident O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida bo‘ldi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda sohaga xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining 20 million dollarga yaqin grant mablag‘lari jalb etilib, laboratoriya va uskunalar yangilandi. Hududlardagi statsionar va mobil laboratoriyalar orqali 1 million 40 ming gektar yerning tuproq tahlili o‘tkazilib, mineral o‘g‘itlarni qo‘llash meyorlari ilmiy asosda belgilandi va “uzagrolab.uz” dasturiga kiritildi. Undagi ma’lumot va tavsiyalar orqali fermerlar dala va bog‘larga aniq ishlov bermoqda.
Prezident O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida bo‘ldi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Bugungi kunda 80 ta davlatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti uchun 620 ta fitosanitar ruxsatlar olingan. “GSP+” tizimi doirasida 200 ming gektar maydon xalqaro talablarga moslashtirilgan. 2023-yilda qishloq xo‘jaligi sohasidagi eksport qariyb 2 milliard dollarni tashkil etgan. Lekin aslida eksport salohiyati bundan ancha ko‘p.
Shu yil 18-yanvar kuni eksport va sanoat masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavotchilik sohasidagi chora-tadbirlar ham belgilangan edi. Xususan, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga eksportbop mahsulotlar ekilishini tashkillashtirish hamda yangi salohiyatli bozorlar topish bo‘yicha vazifa qo‘yilgandi.